06.10.2026

2-oktabr kuni British Management Universityda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan tashkil etilgan ochiq akademik muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir University of Cambridge akademiklari hamda O‘zbekistonning turli universitet va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan tadqiqotchilarni bir maydonda jamlab, ilmiy izlanishning muhim jihatlari bo‘yicha fikr va tajriba almashish imkonini berdi.
Sessiya dastlabki tadqiqot g‘oyasidan mazmunli ilmiy izlanishga qadar bo‘lgan jarayonga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar aniq va dolzarb tadqiqot savollarini shakllantirish, mos tadqiqot metodologiyasini tanlash, akademik halollik tamoyillariga rioya qilish, ilmiy ishlarni nashrga tayyorlash, ilmiy rahbarlar bilan samarali hamkorlik qilish hamda xalqaro tadqiqot hamkorliklarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy yondashuvlarni muhokama qildilar.
Tadbirda O‘zbekistonning turli universitetlari va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan PhD talabalari, doktorantlar, ilmiy faoliyatini endigina boshlayotgan tadqiqotchilar, magistratura talabalari va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi. Ular Cambridge akademiklari bilan bevosita muloqot qilish, ularning ilmiy izlanish tajribasi va yondashuvlari bilan tanishish, shuningdek, ochiq savol-javob sessiyasi va akademik munozara davomida o‘z fikrlarini almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir davomida ilmiy faoliyatning turli bosqichlarida bo‘lgan tadqiqotchilar uchun o‘zaro muloqot qilish, bilim va tajriba almashish hamda xalqaro akademik tajribadan foydalanish imkonini beruvchi muhit yaratishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
O‘zbekistonlik tadqiqotchilar va dunyoning yetakchi universitetlaridan birining akademiklarini birlashtirgan mazkur tadbir ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, akademik hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro tajriba almashish bo‘yicha kengroq muloqot uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
